Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Behzod Musayev Respublika taʼlim markaziga tashrif buyurib, tashkilot faoliyatidagi mavjud muammolarni tanqidiy o’rgandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida Respublika taʼlim markazi faoliyati tubdan qayta koʻrib chiqilishi haqida koʻrsatma berilgan edi.

Xususan, marosimda davlat rahbari tomonidan umumtaʼlim bugun aniq va tabiiy fanlarni oʻqitish metodikasi murakkab tuzilgani, ularda nazariy bilimlar amaliyot bilan bogʻlanmagani, oʻquv dasturlarida uzviylik yoʻqligi, darsliklarning mazmuni va sifati qoniqarsiz ekani kabi mavjud muammolar ko’tarilgan edi.

6-noyabr kuni imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistoning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” Farmoni hamda “Taʼlim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarorida ham Respublika taʼlim markazi faoliyatiga doir alohida vazifalar belgilab berildi.

Shu munosabat bilan, 9-noyabr kuni Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Musayev, Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov hamda boshqa mas’ul rahbarlar boshchiligida Respublika taʼlim markazi faoliyatini tanqidiy koʻrib chiqishga qaratilgan yigʻilish oʻtkazildi.

Unda aniq mezonlarga tayanuvchi hamda zamonga mos tarzda yangilanib turuvchi taʼlim standartlarini ishlab chiqish tizimi mavjud boʻlmaganligi, bu esa sifatli taʼlim mazmunini yaratishda eng katta kamchilik ekani taʼkidlandi.

Mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida taʼlim standartlarini qayta koʻrib chiqish, oʻquv dasturlari va unga muvofiq darslik va oʻquv qoʻllanmalarni barcha sinflar uchun kompleks tarzda yaratish boʻyicha vazifalar sanab o`tildi.

Yigʻilishda Bosh vazir oʻrinbosari umumtaʼlim fanlaridan zamonaviy darsliklarni yaratishda umumiy bo’lgan metodologik, didaktik-metodik va ergonomik talablar ishlab chiqilishi lozimligini alohida qayd etib oʻtdi. Behzod Musayev o’tkazilgan majlisda Respublika ta’lim markaziga salohiyatli kadrlarni jalb qilish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida tashkilotning moddiy-texnik bazasini yaxshilash masalasiga ham to’xtaldi.

Shuningdek, darsliklarni yaratishda ilmiy salohiyat yetishmayotganligi, endilikda darsliklar va oʻquv dastur tuzuvchilari hamda ularni ekspertizadan oʻtkazuvchi ishchi guruhlar faoliyati ham moliyaviy qoʻllab -quvattlanishi masalasi muhokama etildi.