Pandemiya sharoitida o‘qituvchilarni ham kun qahramonlari safiga qo‘shish kerak… Bu e’tirof ijtimoiy tarmoqlarda ustozlar nomiga minnatdorlik izhorlarida bot-bot aytilmoqda. O‘z navbatida, masofaviy darslar bilan bog‘liq turli fikrlar bildirilmoqda.

Aholining bu kabi mulohazalariga, savollariga munosabat bildirish maqsadida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sherzod SHERMATOV bilan telefon orqali bog‘lanib, quyidagi fikrlarini yozib oldi:

– O‘qituvchilar mehnatining bu e’tirofiga osonlikcha erishilmayapti,– deydi Sh.Shermatov. – Onlayn darslarni yo‘lga qo‘yish uchun atigi bir hafta vaqtimiz bor, shu qisqa muddat ichida o‘quvchilarning oxirgi o‘quv choragini yakunlashini tashkil qilishimiz, bungacha ularga ta’lim berish tizimini uzluksiz ta’minlashimiz kerak edi.

Hukumatning yordamida O‘zMTRK, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan tezkor choralar ko‘rdik. Internet orqali dars jarayoni olis qishloq hududlarida muammo tug‘dirgani bois, teledarslarni tashkil qilishga ahd qildik. Mehnatlarimizning mahsuli shuki, bugunga qadar ko‘pchilik ota-onalardan vazirlik nomiga tashakkurnomalar kelmoqda. Chunki onlayn darslarning namoyish etilishi, qaysidir ma’noda xonadonlarda ijodiy muhit yaratilishiga, ota-onalarning farzandlari bilan vaqtini unumli o‘tkazishiga xizmat qilyapti.

Teledarslarni tasvirga olishda imkoniyati cheklangan bolalarni o‘qitish ham inobatga olingan. Barcha dars mashg‘ulotlari kar va zaif eshituvchi bolalarga ham tushunarli bo‘lishi uchun surdopedagog hamda surdotarjimonlar tomonidan sinxron tarjima qilinmoqda.

Ko‘zi ojiz bolalarning esa teledars mashg‘ulotlarini ovozli eshitib, tushunib olishiga imkon yaratiladi. Bu jarayonga soha mutaxassislari jalb etilgan. O‘zMTRK telekanallarida teledarslar o‘zbek va rus tillarida berib borilmoqda. Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi mahalliy telekanali orqali qoraqalpoq tilida efirga uzatilmoqda.

Bu darslarni vazirlik xodimlari bilan birgalikda barchamiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib boryapmiz. Jarayonda paydo bo‘lgan g‘oyalar bilan o‘rtoqlashib, yangiliklar joriy etishga, kamchiliklarni to‘ldirishga, xullas, darslar sifatini borgan sari takomillashtirishga harakat qilyapmiz. Kechagi darsdan bugungi dars, bugungi darsdan ko‘ra ertangi dars tobora yaxshilanib, yangilanib borishi shart.

Bu jarayonda o‘quvchilarga yengillik bo‘lishi uchun qo‘shimcha vazifalar berishga chek qo‘ydik. Agar olimpiadalar uchun maxsus tayyorgarlik ko‘rayotgan o‘quvchilar bo‘lsa o‘qituvchi bilan o‘zaro kelishgan holda mashg‘ulotni davom ettirishi mumkin.

Ta’kidlash kerakki, yuzaga kelgan pandemiya tufayli onlayn darslar juda qisqa fursat ichida yo‘lga qo‘yildi. Dars o‘tish uchun o‘qituvchilar tanlab olindi. Yana shuni aytish joizki, taklif etilgan o‘qituvchilar tomonidan hech qanaqa qo‘shimcha shart qo‘yilmadi, ortiqcha pul talab qilinmadi. Biz iltimos qildik, taklif qildik, ular rozi bo‘ldi. Rahmat shu o‘qituvchilarga.

Teledarslarni endigina boshlagan kezlarimiz, ba’zi xatoliklar uchradi va tushunmovchiliklar tufayli turli tanqidlar kuchaydi. Ba’zilar bizni tanqidni to‘g‘ri qabul qilmaslikda aybladi, lekin biz tanqiddan xafa bo‘lmagan edik. Faqat ayrim kimsalarning bu o‘qituvchilarni mazax qilishi tufayli biz uchun, xalq uchun xizmatga bel bog‘lagan, o‘zlari tashabbus bilan chiqqan fidoyi o‘qituvchilar ruhi biroz singani, dili og‘riganidan xafa bo‘ldik.

Onlayn maktabga aloqasi yo‘q bo‘lgan ba’zi telegram kanallaridan yozuvlarni tarqatib, onlayn maktabga bog‘lab, ushbu jarayondagi o‘qituvchilar obro‘siga yanada putur yetkazishga bo‘lgan harakatlar ham kuzatildi. Biz o‘qituvchini qadrlaydigan zamonga keldik.Ularni obro‘sizlantirish, mehnatini qadrlamaslik tarbiyasizlikdan boshqa narsa emas.

Ushbu onlayn maktab loyihasida ishtirok etayotgan o‘qituvchilarni ham bemalol bugungi kunning qahramonlari, deb atash mumkin.Ularning ko‘rsatayotgan jasorati, xizmatlarini tan olmasdan boshqa ilojimiz yo‘q.

Onlayn darslarni tashkil etish bo‘yicha bizda katta tajriba yo‘q. Xorijda ham bu yo‘nalish bo‘yicha ilk qadamlar qo‘yilmoqda. Aholidan darslarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar olyapmiz. Takliflarini yuborganlarga minnatdorlik bildiramiz. Vazirlik ishchi guruh tashkil etdi va takliflarni joriy etish ustida ish olib bormoqda. Lekin texnik imkoniyatlar yetarli emasligi bois, teledarslarda hamma fanlar qamrab olingani yo‘q. Bu muammoni ham ijobiy hal etish uchun harakatlar olib borilyapti. Shuni ayta olamizki, o‘quvchilar har qanday vaziyatda ham ta’limsiz qolib ketmaydi.

Teledarslar va namoyish vaqtlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar vazirlik rasmiy sayti, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari hamda Kundalik.com tizimi orqali berib boriladi. 2020 yil yakuniga qadar jami 5 ming 600 teledarsdan Khan Academy platformasi orqali o‘zbek tilida foydalanish imkoniyati mavjud bo‘ladi, deb umid qilamiz. Bu platforma o‘quvchilarga darsliklardan tashqari o‘z bilimini oshirish uchun qo‘shimcha manba sifatida xizmat qiladi.

Ota-onalarni qiziqtirgan savollardan yana biri, bitiruv va kirish imtihonlari qay tartibda amalga oshirilishi. Bu masalani Davlat test markazi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda o‘rganib chiqmoqdamiz, natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot beramiz.

 


Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi, O‘zA