O‘zbekistonda internet tezligi past bo‘lgani uchun karantin vaqtida maktab o‘quvchilarining darslari onlayn emas, televizion formatda yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov QALAMPIR.UZ`ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Tahririyatimiz muxbiri vazirga quyidagi savol bilan yuzlandi:

Bizda internet muammosi saqlanib qolyapti. Siz Xalq ta’limi vaziri, kommunikatsiya sohasida ishlagan mutaxassis va oddiy fuqaro sifatida internet tezligidagi muammolar va ularning yechimi bo‘yicha qanday takliflar bergan bo‘lardingiz?

“To‘rt yil avvalgiga qaraydigan bo‘lsak, Toshkentda o‘tirib ham, Zangiotada masalan sizlar bilan Zoom`da bunday gaplasha olmasdik. Chunki 1 Mbitli tarifning o‘zi juda katta hisoblanardi. Unaqa tarif olish ham qiyin edi. Hozir ko‘z tegmasin gaplashib o‘tiribmiz. Bu ham internet tezligi biroz bo‘lsa ham o‘zgarganidan dalolat bo‘lsa kerak. Shunchaki, talab ham oshib boryapti. Ko‘pchilik hozir uyiga optik tolali internet ulagan. Ijobiy o‘zgarishlar bor. Lekin buyog‘iga yana oshirish kerak. Hamma karantinga o‘tganidan keyin internetga talab oshib ketdi”, deydi Shermatov.

Vazir so‘zida davom etib, nafaqat O‘zbekistonda butun dunyoda karantin sabab internetga talab oshgani va natijada sifat 30-40 foizga pasayganini aytib o‘tdi. Shuningdek, ko‘plab davlatlar mashhur videoxostinglardan roliklar sifatini pasaytiribroq ko‘rsatishni so‘raganini qo‘shimcha qildi.

Jurnalist internet masalasi hozirgi vaziyatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’lim sifatiga ta’sir o‘tkazishi mumkinligini aytib, vazirga savol berdi.

“Darslarni internet orqali qilmaganimizning sababi shu. Biz internet qandayligini bilamiz. Masalan, Qozog‘iston bizdan ancha oldin internet sohasiga katta sarmoya kiritgan. Ular boshida onlayn dars o‘tamiz, deb harakat qilishdi. Nima bo‘ldi? “Yo‘q, internet infratuzilmamiz ko‘tarmas ekan”, deyishdi. Keyin televizion dars o‘tishni boshlashdi. Biz boshidan chekka hududlarda internet muammosini bilib, Hukumatda muhokama qilib, og‘ir kontentni televideniye orqali uzatishga qaror qildik. Nima og‘ir trafik bo‘ladi? Video og‘ir trafik talab qiladigan masala. Uzoq hududlarda video masalasi juda og‘ir bo‘ladi. Ayniqsa, hamma karantinda o‘tirganida. Hozir faraz qiling, hamma mana shu darslar internet orqali bo‘lganida, ahvol bundan ham battar bo‘lardi.

Shuning uchun, bu muammodan xabarimiz bor. Bolalarning ta’lim sifatiga salbiy ta’sirining oldini olish uchun, biz internet orqali dars qilayotganimiz yo‘q. Darslarni “Onlayn maktab” deyilishi – bu nom. Lekin darslar televideniye orqali ketyapti. Televideniye, ko‘z tegmasin, respublikamizning deyarli hamma joyida ishlaydi.

Endi, albatta, elektr energiyasi yo‘q bo‘lgan yoki tog‘li hududlarimiz bor deyish mumkin. Afsuski, unday joylar bor. U yerda, elektr bo‘lmasligi mumkin, internetni-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Ularga ham vaqti bilan borishi kerak. Lekin ommaviy jihatdan eng ko‘p qamrab olishning yo‘li televideniye. Shuning uchun ham televideniye orqali qildik. Bu darsni to‘laqonli olib borish uchun internet kerak emas”, dedi Sherzod Shermatov.

Vazir o‘qituvchilardan o‘quvchilarning darslarini imkon darajasida tekshirib turish va zarur vaqtlarda yordam berish so‘ralganini qo‘shimcha qildi.


Manbaa: Qalampir.uz

Sunnatilla Abdullayev